AQSh Davlat departamenti Ukrainaga qiymati 825 mln dollargacha bo‘lgan aviatsiya o‘q-dorilari va jihozlarini yetkazib berishga ruxsat berdi. Bitim doirasida 3350 tagacha Extended Range Attack Munition (ERAM) raketasi sotilishi ko‘zda tutilmoqda, deya xabar berdi 28-avgust kuni AQSh Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi (DSCA).
Agentlik zarur sertifikatlarni berdi va Kongressga xabarnoma yubordi. Raketalardan tashqari, Kiyev GPS/INS navigatsiya tizimlari (signallarni almashtirishdan himoyalangan), ehtiyot qismlar, o‘quv majmualari va dasturiy ta’minot so‘ragan.
Moliyalashtirish Daniya, Niderlandiya, Norvegiya hamda AQShning Foreign Military Financing dasturi hisobidan amalga oshiriladi. Pudratchilar sifatida Zone 5 Technologies va CoAspire kompaniyalari belgilangan.
ERAM AQShda uzoq masofaga mo‘ljallangan, ommaviy, universal va nisbatan arzon qurol sifatida ishlab chiqilgan. U qanotli raketa va planerlanuvchi aviabombaning gibridi bo‘lib, 400 km gacha masofadagi yer va dengiz nishonlarini urib tushira oladi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bitimga dastlab Donald Tramp ma’muriyati rozilik bergan. Jo Bayden davrida esa ERAM ATACMS raketalariga muqobil sifatida ishlab chiqila boshlandi. ATACMS 2023-yildan Ukrainaga yetkazib berilgan, biroq ularning zaxiralari cheklangan.