Yangiliklar
27.08.25
7161

AQShda 15 yildan keyin ilk bor otib qatl etish jazosi ijro etildi.

67 yoshli Bred Sigmon AQShda 15 yildan beri ilk bor otish orqali qatl etilgan mahbus bo‘ldi. U o‘lim inʼyektsiyasi va elektr stulidan voz kechdi.

AQShda so‘nggi 15 yil ichida ilk bor o‘lim jazosi otish orqali ijro etildi. Janubiy Karolinada 67 yoshli Bred Sigmon 2001-yilda sobiq sevgilisining ota-onasini o‘ldirgani uchun qatl etildi.

Shtat jazoni ijro etish boshqarmasi xabariga ko‘ra, mahkum o‘lim usulini o‘zi tanlagan — u o‘lim inʼyektsiyasi va elektr stulidan voz kechib, otib qatl qilinishini afzal ko‘rgan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, qatl maxsus jihozlangan xonada amalga oshirilgan. Sigmon stulga o‘tqazilgan va ko‘kragiga qizil nishon o‘rnatilgan. O‘q uzganlar — qamoqxona xodimlari bo‘lib, ular devor ortida joylashgan va guvohlar uchun ko‘rinmas bo‘lgan.

AQShda otuv jazosi juda kam qo‘llanadi. Sigmonning ishi 1977-yildan beri atigi to‘rtinchi holat bo‘ldi. Taqqoslash uchun: shu davrda mamlakatda 1500 dan ortiq qatl amalga oshirilgan, ularning aksariyati o‘lim inʼyektsiyasi orqali bo‘lgan.

Qamoqxona oldida “Har bir hayot bebaho” va “Adolat qiling, odamlarni o‘ldirmang” degan shiorlar bilan norozilik namoyishi o‘tkazildi.

Sigmon qiz do‘sti bilan munosabatini uzmoqchi bo‘lganida uning ota-onasi — Devid va Gledis Klarkni shafqatsizlik bilan o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling