Dunyo
15.01.26
7672

Eron osmoni yopilgani sabab O‘zbekistonga yo‘l olgan ayrim reyslar ortga qaytarildi

Eron havo hududi vaqtincha yopilgani sabab O‘zbekistonga va O‘zbekistondan amalga oshirilayotgan bir nechta reyslar jo‘nab ketgan aeroportlariga qaytib keldi.

Eron havo hududi vaqtincha yopilgani sabab O‘zbekiston shaharlariga va u yerdan amalga oshirilayotgan bir nechta reyslar jo‘nab ketgan aeroportlariga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Fly One Asia aviakompaniyasining Madina — Toshkent yo‘nalishidagi 7Q7742 reysi Madinaga qaytgan. Xuddi shunday qaror ushbu aviakompaniyaning Madina — Farg‘ona yo‘nalishida parvoz qilgan 7Q4442 reysi bo‘yicha ham qabul qilingan.

Jazeera Airways aviakompaniyasining Toshkent — Quvayt yo‘nalishidagi J9650 reysi soat 02:01 da havoga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, Toshkentga qaytib kelgan.

Shuningdek, Sam Air aviakompaniyasining Samarqand — Jidda yo‘nalishidagi 9S3303 reysi Samarqandga, Fly Khiva aviakompaniyasining Urganch — Madina yo‘nalishidagi 2U7911 reysi Urganchga qaytgan. Uzbekistan Airways’ning Jidda — Toshkent yo‘nalishidagi HY336 reysi esa Jiddaga ortga qaytarilgan.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Eron avval ikki soatga, keyin yana ikki soatga o‘z havo hududini vaqtincha yopgan. Bunga mintaqadagi keskinlik va AQSh tomonidan ehtimoliy hujum xavfi sabab bo‘lgan. Hozirda mamlakat ustidan parvozlar qayta tiklangan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling