Dunyo
05.01.26
7563

AQSh Nikolas Maduro va uning rafiqasiga rasmiy ayblovlar qo‘ydi

AQShda Nikolas Maduro va uning rafiqasiga nisbatan narkoterrorizm, kokain kontrabandasi hamda qurol saqlash bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha rasmiy ayblovlar qo‘yildi.

AQSh rasmiylari Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga nisbatan rasmiy ayblovlar qo‘ydi. AQSh bosh prokurori Pem Bondining ma’lum qilishicha, ayblovlar Nyu-York janubiy okrugi sudiga kiritilgan bo‘lib, ular narkoterrorizm, kokain kontrabandasi, shuningdek AQShga qarshi qo‘llash maqsadida qurol va portlovchi moslamalarni saqlash holatlarini o‘z ichiga oladi.

Bondining aytishicha, Maduro AQSh hududiga giyohvand moddalarni olib kirishga qaratilgan fitnada, shuningdek Amerika xavfsizligiga tahdid soluvchi qurolli faoliyatni tashkil etishda ayblanmoqda. U gumonlanuvchilar “Amerika hududida va Amerika sudlarida” javob berishi kerakligini ta’kidladi.

Bosh prokuror X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida AQSh prezidenti Donald Tramp va amerikalik harbiylarga, uning so‘zlariga ko‘ra, “yirik va muvaffaqiyatli operatsiya” doirasida xalqaro narkosavdogarlarni qo‘lga olish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq, 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakasdagi bir qator obyektlarga, jumladan aviatsiya va harbiy bazalarga zarbalar bergani haqida xabar qilingan edi. Donald Tramp keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazilganini tasdiqlab, Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda, Trampning ilk prezidentlik davrida ham AQSh rasmiylari Maduroni sirtdan narkoterrorizm va kokain olib kirish maqsadidagi til biriktirishda ayblagan edi. 2025 yil avgustida esa AQSh Davlat departamenti uning qo‘lga olinishi uchun belgilangan mukofotni 50 million dollargacha oshirgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling