Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil yakunlari Xitoyning O‘zbekistonning savdodagi asosiy hamkoriga aylanganini ko‘rsatmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil davomida 52,2 foizga oshib, 13,7 mlrd dollarga yetdi. Eksport 2,5 mlrd dollarni, import esa 11,2 mlrd dollardan oshdi.
O‘zbekiston Rossiya bilan ham faol savdo olib bordi — savdo hajmi 5,3 foizga ko‘payib, 9,8 mlrd dollarga yetdi. Eksport 3,3 mlrd dollarni, import esa 6,5 mlrd dollarni tashkil etdi.
Savdo hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda Qozog‘iston qayd etildi (4,3 mlrd dollar). Biroq yil davomida bu mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,5 foizga kamaydi. Eksport 1,3 mlrd dollar, import esa 3 mlrd dollar bo‘ldi.
Umuman olganda, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 23,9 foizga oshib, 62,5 mlrd dollarga yetdi. Shundan 24,4 mlrd dollari eksport, 38,1 mlrd dollari import hissasiga to‘g‘ri keldi.