Biznes
19.12.25
7470

Buyuk Britaniya o‘zbekistonlik kompaniyalar va Toshkentlik tadbirkorga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Buyuk Britaniya sanksiyalarni kengaytirib, ro‘yxatga O‘zbekistondan to‘rtta kompaniya va Toshkentlik tadbirkorni kiritdi. Figurantlarning aktivlari muzlatildi.

Buyuk Britaniya sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga O‘zbekistondan to‘rtta kompaniya va bir nafar tadbirkorni kiritdi. Tegishli ma’lumot Britaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatda keltirilgan.

Cheklovlar Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International va Raw Materials Cellulose kompaniyalariga, shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan tadbirkor Rustam Muminovga nisbatan joriy etildi.

Eng qat’iy choralar Farg‘ona kimyo zavodiga qo‘llangan. Buyuk Britaniya rasmiylari korxonaning moliyaviy aktivlarini muzlatdi hamda unga nisbatan trast xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqladi. London talqiniga ko‘ra, zavod mahsuloti yoki texnologiyalari Ukraina suverenitetiga putur yetkazishga qaratilgan harakatlarda qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan Gelion Business Trade kompaniyasi ham kiritildi. Hujjatda ushbu kompaniya vaziyatni beqarorlashtirishga xizmat qiluvchi tovarlar yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Xuddi shunday asoslar bilan Navoiy viloyatidagi Chemistry International qo‘shma korxonasi va Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi Raw Materials Cellulose kompaniyasiga ham cheklovlar joriy etildi.

Alohida bandda tadbirkor Rustam Muminov nomi tilga olingan. Britaniya tomonining ta’kidlashicha, u vaziyatni izdan chiqarishga xizmat qilgan moliyaviy resurslar yoki xizmatlar taqdim etgan bo‘lishi mumkin. Hujjatda uning Toshkentda tug‘ilgani va bir nechta fuqarolikka ega ekani ham ko‘rsatilgan.

Avvalroq Rustam Muminovning ismi Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketida ham qayd etilgan edi. O‘shanda YI rasmiylari uni Farg‘ona kimyo zavodining paxta sellyulozasini Rossiyaning mudofaa korxonalariga porox ishlab chiqarish uchun yetkazib berilishi bilan bog‘lashgan.

Umuman olganda, Buyuk Britaniya sanksiya rejimini yangilash doirasida ro‘yxatga 24 ta yangi jismoniy va yuridik shaxsni qo‘shdi. Barcha figurantlarga nisbatan mamlakat hududidagi aktivlarni muzlatish, shuningdek, qo‘shimcha moliyaviy va biznes cheklovlari nazarda tutilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling