Toshkentning Yashnobod tumanida ilk gastronomik ko‘cha tashkil etishga tayyorgarlik boshlandi, deya xabar berdi tuman hokimligi matbuot xizmati.
27-fevral kuni poytaxtda turistlarni jalb etish maqsadida “gastronomik ko‘chalar” loyihasini prezident ma’qullagan edi. Birinchi ko‘cha Sultonali Mashhadiy ko‘chasida barpo etiladi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Faxriddin Davrukov va tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov ishchi guruh bilan birgalikda ko‘chaning holatini ko‘zdan kechirdi, uning tabiiy va texnik qiyofasi, imkoniyatlari va salohiyatini baholadi.
Mas’ullarga mavjud umumiy ovqatlanish maskanlari, restoran, kafe va supermarketlarni tartibga keltirish, shuningdek, turistlar uchun servis sharoitlarini yaratish topshirildi. Hokimiyat bu hududda tashqi va ichki turistik oqimni oshirishni rejalashtirmoqda.
Gastronomik ko‘chalar Mirabad, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida ham tashkil etiladi. Gastrosoha rivojidan tashqari, turistlarni hunarmandlar ustaxonalari, zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, mehmonxonalar hamda yashil hududlar jalb qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda tunu-kun ishlaydigan barlar ko‘chasi ochilgandi. “Pub Street” rossiyalik turistlar oqimi fonida tashkil etilgan edi.