Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2024-yildan boshlab tadbirkorlardan talab qilinadigan va davlat organlari boshqa idoralardan olishi mumkin bo‘lgan sakkiz turdagi takroriy hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlandi. Yangi qoidalarga muvofiq, hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvargacha yagona hisobot tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, hisobotlar davlat organlariga “tadbirkorlik subyekti shaxsiy kabineti” orqali shakllantiriladi va taqdim etiladi.