Biznes
02.03.24
21466

Sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘liga tegishli kompaniya UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ining egasiga aylandi

Avvalroq Danyor Kamilov kompaniyasi sobiq MXX binosini sotib olgan edi.

Petroleum Technology Group kompaniyasi — sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Danyor Abdulazizovich Kamilovga tegishli — UNG Petro tarmog‘ining yangi egasiga aylandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

UNG Petro O‘zbekistonda 78 ta avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchasiga ega. Avval bu tarmoq “O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga qarashli edi. 2023-yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UNG Petro’ni sotish bo‘yicha maslahatchi tanlovini boshlanganini e’lon qilgandi, biroq hozirgacha tender natijalari va yakuniy shartnoma haqida ma’lumot berilmagan.

Yagona davlat korxona va tashkilotlari reyestriga ko‘ra, Petroleum Technology Group UNG Petro’ning yangi egasiga aylangan. Biroq kompaniya qachon va qanday summaga sotib olingani ochiqlanmagan.

Petroleum Technology Group 2023-yil 4-oktabrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha konsalting bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar sifatida Delta Global Dynamics (1%) va Danyor Abdulazizovich Kamilov (99%) ko‘rsatilgan. Kamilov Delta Global Dynamics kompaniyasining ham 100 foiz ulushiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Danyor Kamilov kompaniyasi sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (SGB) binosini ham sotib olgan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling