“Yandeks” menejmenti aksiyalarni boshqarish bo‘yicha maxsus huquqlarga ega bo‘ladi va kompaniyani boshqarishda davom etadi. Uning aksiyalari Moskva birjasida kotirovka qilinadi.
Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Yandex N.V. “Yandeks” biznesini xususiy investorlar konsorsiumiga 475 mlrd rublga sotish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Endilikda Yandex N.V. guruhning bosh kompaniyasi hisoblanmaydi, yangi asosiy kompaniya — Xalqaro aksiyadorlik jamiyati (XAJ) “Yandeks” bo‘ladi. Uning aksiyalari mustaqil ravishda Moskva fond birjasida savdoga chiqariladi.
“Yandeks” jamoasining bizneslari, xizmatlari va aktivlari saqlanib qoladi, bundan faqat xorijdagi startaplar (Nebius, Toloka, Avride va TripleTen) hamda Finlyandiyadagi info-markaz mustasno.
XAJ “Yandeks”ning asosiy egasi “Konsortsium.Birinchi” yopiq investitsiya fondi bo‘ladi. Uni “Yandeks” menejerlari boshqaradi, shuningdek, to‘rtta mustaqil xususiy kompaniya ham ulush oladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hech bir aksiyador nazorat paketiga ega bo‘lmaydi.
Boshqaruv jamoasi asosiy qarorlarni qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi va “Menejerlar jamg‘armasi” orqali maxsus huquqlar va ayrim masalalarda veto huquqiga ega bo‘ladi.
Yangi tuzilma “Yandeks”da odatdagi boshqaruv jarayonlarini saqlab qolishni, investorlar, hamkorlar, foydalanuvchilar va xodimlarga biznes istiqbollari hamda barqarorligi borasida ishonch berishni va’da qilmoqda. “Yandeks” biznesini Yandex N.V. kompaniyasidan sotib olish bo‘yicha bitim aksiyadorlar va regulyatorlar tomonidan ma’qullanishi kerak.