O‘zbekistonda milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar avgust oyida 23,6%ni tashkil etdi. Bu so‘nggi 14 oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etildi.
Bir yildan ortiq muddatli kreditlar bo‘yicha stavka 23,8% (+0,5%)ni tashkil qilgan bo‘lsa, qisqa muddatlilarda biroz pasayish kuzatildi.
Jismoniy shaxslar uchun kreditlar:
— o‘rtacha stavka — 24,1% (fevral darajasida);
— uzoq muddatli — 24% (+0,3% iyulga nisbatan);
— qisqa muddatli — 28,6% (o‘zgarishsiz).
Yuridik shaxslar uchun kreditlar:
— o‘rtacha stavka — 23,2% (2020-yildan beri eng yuqori);
— qisqa muddatli — 22,6% (pasayish);
— uzoq muddatli — 23,6% (+0,8%).
Xorijiy valyutadagi kreditlar ham qimmatlashdi: o‘rtacha stavka 10,5% (+0,6%)ni tashkil etdi. Qisqa muddatli kreditlarda ko‘rsatkich 1,4%ga oshib 10,1%ni tashkil etgan bo‘lsa, uzoq muddatli kreditlar iyul darajasida — 10,7%da qoldi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov avvalroq yuqori stavkalarni bir nechta omillar bilan izohlagan: inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar, davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar hamda depozitlar bo‘yicha yuqori stavkalar. Uning aytishicha, regulyator stavkalarni ma’muriy usulda pasaytira olmaydi.