Yangiliklar
05.09.25
7459

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yil boshidan beri 29 foizga oshdi

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi 2025-yil boshidan beri 29 foizga oshdi. 5 grammli quyma narxi jahon kotirovkalari ta’sirida 7,27 mln so‘mga yetdi.

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik oltin narxiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi va qimmatbaho metall narxlarining rekord darajada oshishiga olib keldi. O‘zbekistonda bu Markaziy bank quymalari qiymatiga ham ta’sir ko‘rsatdi — 2025-yil boshidan beri ular qariyb 29 foizga qimmatlashdi. Faqat oxirgi bir hafta ichida narxlar 5 foizga, bir oy ichida esa 3,4 foizga oshdi.

4-sentabr holatiga ko‘ra, 5 grammli quyma narxi 7 mln 275 ming so‘mni tashkil etdi. Yanvar oyida u 5,65 mln so‘m turgan bo‘lsa, avgustda 7,03 mln so‘mga chiqdi, sentabrga kelib esa yana 7,27 mln so‘mga ko‘tarildi.

Oltin narxining o‘sishi bevosita jahon bozoridagi dinamikaga bog‘liq. Fevral–may oylarida geosiyosiy tanglik va AQSh Federal rezerv tizimi siyosati tufayli narxlar keskin ko‘tarilgan edi. Iyulda qisqa muddatli pasayish kuzatildi, biroq avgust–sentabrda oltin yana yuqorilab bordi. Analitiklarning fikricha, bunga Osiyoda mavsumiy talabning ortishi va jahon iqtisodiyotidagi umumiy beqarorlik sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston ichki bozorida oltin narxlari to‘liq xalqaro kotirovkalarga bog‘liq. Bir yil davomida — 2024-yil sentabridan 2025-yil sentabrigacha — 5 grammli quyma narxi 39 foizga o‘sdi.

Jahon bozorida esa seshanba kuni oltinning spot-narxi untsiya uchun \$3 508,50 ga yetib, yil boshidagi darajadan qariyb uchdan bir qismga oshdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, oltin inflyatsiya va iqtisodiy noaniqlik sharoitida “xavfsiz aktiv” maqomini yanada mustahkamlab bormoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling