Yangiliklar
03.09.25
7446

Shavkat Mirziyoyev Pekinda G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda ishtirok etdi. Tyananmen maydonida 20 dan ortiq davlat rahbarlari to‘plandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turmush o‘rtog‘i bilan 3-sentabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida Qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda ishtirok etdi. Tadbir Tyananmen maydonida o‘tkazildi va unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari qatnashdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati ta’kidlashicha, Prezidentning ushbu tantanalarda ishtiroki O‘zbekistonning tashqi siyosat kursini — xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilganini tasdiqlaydi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘z nutqida tarixiy xotirani asrab-avaylash, tinchlik va adolatni mustahkamlashning hozirgi sharoitda muhimligini alohida qayd etdi.

Parad vaqtida Xitoy Xalq ozodlik armiyasining 45 ta saf bo‘linmalari qatnashdi. Xitoy mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan eng yangi raketa majmualari, tanklar, aviatsiya vositalari va uchuvchisiz apparatlar namoyish etildi.

Tyananmen maydonidagi harbiy paradlar 1949 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. So‘nggi yirik harbiy ko‘rik 2019 yil 1-oktabrda bo‘lib o‘tgan va unga qariyb 15 ming kishi jalb qilingan edi.

Joriy parad mehmonlari orasida Rossiya, KXDR, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Vyetnam, Misr va boshqa bir qator davlat rahbarlari ham bor edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling