Siyosat
22.12.25
7735

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari Lev Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Mukofotlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga topshirildi. Taqdirlash marosimi 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida, N. A. Rimskiy-Korsakov nomidagi Davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tdi.

Mukofotni davlat rahbarlariga hay’at raisi, Mariinskiy teatrining badiiy rahbari va bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi. Tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etdi.

Hay’at qarorida ta’kidlanishicha, mukofotni berish uchun asosiy omil 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Abadiy do‘stlik deklaratsiyasining imzolanishi bo‘lgan. Mukofot tashkilotchilari fikricha, ushbu hujjatlar uch davlat xalqlari o‘rtasida ishonch, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shgan.

Marosim davomida mukofot gumanizm g‘oyalariga sadoqat ramzi ekani, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va bunyodkor rivojlanish makoni sifatida shakllantirish yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlar e’tirofi ekani qayd etildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi yetakchilarning siyosiy irodasi hamda mintaqa xalqlarining yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli mumkin bo‘lgani ta’kidlandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling