Siyosat
22.12.25
7534

O‘zbekiston Rossiya bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston va Rossiya mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida bozorlar ochilishi bo‘yicha muzokaralar yakunlangani haqidagi protokolni imzoladi.

O‘zbekiston va Rossiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni doirasida tovarlar va xizmatlar bozorlariga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqidagi protokolni imzoladi. Hujjat 21-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amalga oshirgan ishchi tashrifi chog‘ida imzolandi.

Protokolga O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov imzo chekdi.

Muzokaralar yakunlariga izoh berar ekan, Azizbek Urunov muloqot izchil, mazmunli va konstruktiv ruhda kechganini, uning yakunlanishi esa O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonida muhim ijobiy qadam bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda ko‘p tomonlama muzokaralarni jadallashtirish va zarur qonunchilik o‘zgarishlarini yakunlash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tashkilotning 14-vazirlar konferensiyasiga qadar yakunlashni maqsad qilgan. Avvalroq prezident vakili bozorlar ochilishiga aloqador bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ayrim protokollar imzolanmay qolishi jarayonda kechikishlar xavfini keltirib chiqarishi mumkinligini bildirgan edi.

Hozirga qadar O‘zbekiston ishchi guruh a’zosi bo‘lgan 33 davlatdan 31 tasi bilan ikki tomonlama protokollarni imzolagan. Muzokaralarni faqat Xitoy Taypeyi bilan yakunlash qolmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling