O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi mamlakatda ilk atom elektr stansiyasi (AES) qurilishini jadallashtirish hamda ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirish bo‘ldi.
Tomonlar integratsiyalashgan AES loyihasini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, loyiha amaliy bosqichga o‘tgan: o‘tgan yilning oktyabr oyida kichik quvvatli birinchi reaktor binosining poydevori qo‘yilgan. Hozirda mutaxassislar stansiyaning batafsil loyihasini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, respublikada atom sanoati uchun kadrlar tayyorlash tizimi shakllantirilmoqda. Dekabr oyida Toshkentdagi MIFI universiteti filialida ilg‘or muhandislik maktabi faoliyat boshladi. U yadro obyektlarining xavfsiz ekspluatatsiyasida ishtirok etadigan mutaxassislarni tayyorlash bazasiga aylanadi.
Energetikadan tashqari, yadro texnologiyalarini tibbiyot va qishloq xo‘jaligida qo‘llash istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar innovatsiyalarni rivojlantirish va sohaning texnologik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma ilmiy va ijtimoiy loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.
AES qurilishini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda quvvati 55 MVt bo‘lgan, xizmat muddati 60 yilga mo‘ljallangan va uzaytirish imkoniyatiga ega RITM-200N integral reaktorlari barpo etiladi. Ularning konstruksiyasi asosiy elementlarni bitta korpusda jamlagani sababli xavfsizlik darajasini oshiradi va avariya xavflarini kamaytiradi.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda har biri 1000 MVt quvvatga ega VVER-1000 reaktorlari bilan yirik energobloklar qurilishi ko‘zda tutilgan. Loyihada zamonaviy xavfsizlik tizimlari, jumladan, eritma tutqichi, passiv issiqlik chiqarish tizimi hamda favqulodda o‘chirishdan keyin 72 soat davomida avtonom xavfsiz ishlash imkoniyati nazarda tutilgan.
Avvalroq Jizzax viloyatida AES qurilishi muddatlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq “O‘zatom” agentligi asosiy ishlar boshlanishi kechiktirilayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.