Siyosat
19.02.26
7441

O‘zbekiston va AQSh investitsiya platformasini ishga tushirdi hamda qator bitimlarni imzoladi

O‘zbekiston va AQSh investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha bitim imzoladi. Shuningdek, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari, agrosektor, muhim minerallar, energetika va moliya bozori yo‘nalishlarida kelishuvlarga erishildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-fevral kuni Vashingtonga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Yangi mexanizm ustuvor sanoat, infratuzilma va moliyaviy loyihalarni tizimli ravishda ilgari surishga xizmat qiladi.

Hujjat AQShning Export-Import Banki hamda U.S. International Development Finance Corporation rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida imzolandi.

Tomonlar quyidagi masalalarni muhokama qildi:

— yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish;
— yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berilishini qo‘llab-quvvatlash;
— O‘zbekiston energetika tizimi va moliya bozorini rivojlantirishda Amerika institutlari ishtirokini kengaytirish.

Imzolangan loyihalar

Tashrif doirasida qator ikki tomonlama bitimlar ham imzolandi. Ular quyidagilarni nazarda tutadi:

— avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish;
— yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish;
— muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish;
— parrandachilik klasterini tashkil etish;
— agrosanoat majmuasini rivojlantirish;
— moliya bozorini takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash.

Imzolash marosimida AQShning yetakchi kompaniyalari — Traxys, Valmont Industries, Gulf Oil, John Deere, BlackRock Financial Markets Advisory va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Prezident uchrashuv formati iqtisodiy hamkorlik strategik ishonch darajasiga ko‘tarilganini aks ettirishini ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlar

So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1 mlrd dollardan oshdi.

2023 yil — 765,1 mln dollar
2024 yil — qariyb 1,025 mlrd dollar
2025 yil — 1,004 mlrd dollar

AQSh O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari orasida 13-o‘rinni egallaydi. Mamlakat bozorida 340 ga yaqin Amerika kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati 35 mlrd dollarga teng uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi va parrandachilik sohalari belgilangan.

Prezident Amerika tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga ham taklif qildi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling