O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5–6 fevral kunlari davlat tashrifi bilan Pokistonga boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Islomobodda Pokiston prezidenti Osif Ali Zardari, bosh vazir Shahboz Sharif, shuningdek, mamlakat qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Osim Munir bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, hukumatlararo, parlamentlararo, ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Savdo aylanmasini oshirish, sanoat, transport va infratuzilma, turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakunida qo‘shma deklaratsiya hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bitimlar paketi imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtiradigan qo‘shma biznes-forumda ishtirok etadi.