Siyosat
22.12.25
7522

Mirziyoyev YeOII mamlakatlarini O‘zbekistonning strategik va tabiiy hamkorlari deb atadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev YeOII mamlakatlarini strategik hamkorlar deb atab, hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirish niyatida. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida so‘zga chiqib ma’lum qildi.

Davlat rahbari global bozorlarning parchalanishi, logistika zanjirlarining murakkablashuvi va investitsiya oqimlari yo‘nalishlarining o‘zgarishi sharoitida YeOII bilan hamkorlikni chuqurlashtirish O‘zbekiston uchun prinsipial ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U ittifoq mamlakatlarini O‘zbekistonning “strategik va tabiiy hamkorlari” deb atadi.

O‘zbekiston 2020 yil dekabr oyidan buyon YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. So‘nggi to‘rt yil davomida mamlakatning ittifoq davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi deyarli ikki barobarga oshgan. Hamkorlik Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tuzilgan uch yillik reja doirasida rivojlanib, unda savdo, sanoat, transport, moliya va agro-sanoat majmuasi sohalarini qamrab olgan qariyb 40 ta tadbir nazarda tutilgan.

Prezidentning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston YeOIIning elektron savdoni rivojlantirish, tashishlarni raqamlashtirish va iqlim kun tartibiga oid tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqda, shuningdek bojxona ma’lumotlari almashuvi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Joriy yilda mamlakat Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shildi va u bilan qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish, texnik, sanitariya va fitosanitariya talablarini yaqinlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qayd etdi. U tartibga solish jarayonlarini yagona mezonlarga keltirish, bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va raqamli platformalarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston YeOIIning texnologik platformalarida ishtirok etishga, shuningdek mintaqa mamlakatlarining turistik mahsulotlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni oshirish maqsadida turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini yaratishga qiziqish bildirdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling